20-oktabr kuni “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati a’zolarining tantanali qasamyod qabul qilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-martdagi PQ-150-sonli qarori asosida tashkil etilgan “Vatan tayanchi” harakati faoliyati doirasida Toshkent shahri Yashnobod tumani Mudofaa ishlari bo‘limi tomonidan tashkil etildi.
Tantanali marosimda Yashnobod tumanidagi 11 ta maktabning eng yaxshi “Vatan tayanchi” otryadlari ishtirok etdi. Ular orasida 166-sonli umumta’lim maktabi jamoasi ham munosib qatnashdi.

Qasamyod qabul qilish marosimini Yashnobod tumani hokimligi vakillari, Mudofaa ishlari bo‘limi rahbariyati hamda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi faxriylari ochib berdilar.
Shu kuni harakat a’zolari tantanali ravishda qasamyod qabul qilib, Vatanga sadoqatli bo‘lish, uning tarixi va an’analarini hurmat qilish, mas’uliyatli va intizomli bo‘lish hamda yurt ravnaqiga o‘z hissalarini qo‘shishga intilishlarini bildirdilar.
Tadbir ko‘tarinki va tantanali ruhda o‘tdi. Bu kun o‘quvchilar uchun muhim va unutilmas voqea bo‘lib, ularga vatanparvarlik, mas’uliyat, do‘stlik va Vatanga muhabbat kabi muhim qadriyatlarni yana bir bor eslatdi. “Vatan tayanchi” harakati a’zolariga kelgusidagi faoliyatlarida muvaffaqiyatlar, yangi yutuqlar va 166-sonli maktabimiz sharafini munosib himoya qilishlarini tilaymiz!

